Hamma uchun yagona nuqta

Orzklv, Asoschi / Yetakchi tomonidan

Kirish

O‘zbek interneti 10 yil avval qanday edi, hozir qanday? Har yili jahon texnologiyalari misli ko‘rilmagan tezlikda rivojlanib bormoqda. Bir necha yil avval chatbotlar dasturchilar tomonidan oddiy, qat'iy algoritmlar asosida yaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular segmentlangan ma'lumotlarga asoslangan murakkab modellar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Texnologiyalar shubhasiz rivojlanishda davom etadi va ular hech qachon kutib turmaydi. Ammo asosiy savol quyidagicha qolmoqda: mahalliy texnologiyalarimiz jahon bilan birga rivojlanyaptimi yoki hech bo‘lmaganda ularga yetib olishga urinayaptimi?

Shaxsan o‘zim 10 yildan ortiq vaqt davomida turli o‘zbek dasturchilar hamjamiyatlarida faoliyat yuritib kelmoqdaman . Haqiqat shundaki, bu hamjamiyatlarda ba’zilar bilimlarini saxiylik bilan ulashmoqda, boshqalari esa, afsuski, faoliyatsiz qolib ketgan. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytamanki, ko‘pchilik hamjamiyatlarimizdagi loyihalar ko‘pincha salbiy yoki juda salbiy natijalar bilan yakunlangan. Buning bir nechta asosiy sabablari mavjud.

Hamjamiyatlarimiz ko‘pincha aniq maqsadlarsiz, oddiy savol-javob guruhlari sifatida shakllangan. Ko‘plab guruhlar xorijiy hamjamiyatlardan g‘oyalar olib, asl madaniyatimiz va ehtiyojlarimizni hisobga olmay yaratila boshlagan va natijada o‘ziga xosligi bo‘lmagan, tarqoq, tartibsiz guruhlar vujudga kelgan. Afsuski, ularni haqiqiy hamjamiyat deb bo‘lmaydi, aksariyat hollarda oddiy texnik qo‘llab-quvvatlash markaziga aylangan.

Ushbu muammoni qanday yechish mumkin? Albatta, yechim mavjud. Biroq, uni amaliyotga joriy etish vaqt, sabr-toqat va, eng muhimi, birlikni talab qiladi. Bu yechim – standartlashtirish, ya'ni umumiy tartib-qoidalarni ishlab chiqish va ularni hamjamiyatlarga tatbiq etishdir. Afsuski, hozirgi vaziyatimizda monopolistik boshqaruv va siyosiy kuchlarga intilish sabab, hamjamiyat yetakchilarini birlashtirish murakkab vazifaga aylangan. O‘zbek segmentida bunga erishishning eng samarali usuli amaliy natijalarni ko‘rsatish orqali, birma-bir, hamjamiyatlarni o‘z tashkilotimiz atrofida birlashtirishdan iborat.

Tarix

Floss O‘zbekiston avval "UDC" nomi ostida tashkil etishga urinilgan edi. Ammo, o‘sha davrda boshlang‘ich nuqta sifatida C# (DotNet) hamjamiyati tanlangan bo‘lsa-da, ushbu hamjamiyatning qiziqishi yo'qligi sabab UDC loyihasi rivojlanmay, yakunda uni yopishga majbur bo‘lgan edik. Keyinchalik, faoliyati susayib qolgan "Mad Maids" hamjamiyatiga ikkinchi hayot baxsh etish maqsadida unga "Floss O‘zbekiston" deb nom berildi va UDC ning asl maqsadlarini o‘z zimmasiga oldi. Shunday qilib, Floss O‘zbekiston bugungi darajaga yetib kelguncha bir necha hamjamiyatlarning mehnati sarflandi va ayrimlari qurbon bo‘ldi.

Kelajak

Muhim!

Floss O‘zbekiston tashkiloti sifatida ilk bor faoliyatini boshlaganda unga "Xinux O‘zbekiston", "Rust O‘zbekiston", "Haskell O‘zbekiston" va "DevOps Journey" kabi qo‘shni hamjamiyatlar jalb etildi. Ushbu hamjamiyatlarning hissasi va ishtiroki Floss O‘zbekistonning real va istiqbolli g‘oya sifatida shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Shu asosda RFC #1 hujjati ishlab chiqildi va hamjamiyat rahbarlari orasida shaffof, liberal boshqaruv tizimi haqida kelishuvga erishildi. Shuningdek, boshqa jamiyatlar uchun ham vakillar saylandi.

Floss O‘zbekiston tashkiloti rasmiy ravishda 2025-yil 1-aprelda tashkil topdi. Bizning asosiy maqsadlarimiz quyidagilardan iborat:

  • O‘zbek dasturchilar hamjamiyatlarida yagona tartib-qoidalarni ishlab chiqish;
  • Umumiy moderatsiya standartlarini yaratish orqali tartib va sifatni yaxshilash;
  • Yosh avlod uchun noto‘g‘ri yoki yolg‘on axborot manbalarini kamaytirish yoki butunlay yo‘q qilish;
  • O‘zbekistonlik Open Source dasturchilar va loyihalarni yuzaga chiqarish hamda ularga e'tiborni oshirish;

Umid qilamizki, olib borayotgan faoliyatimiz davomli bo‘ladi va ham tajribali, ham yosh dasturchilar uchun foydali bo‘lib, O‘zbekistondagi IT sohasining rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shadi. Kuch birlikda va hammamizning bugungi mehnatimiz, ertangi kunning so'zsiz rohati bo'ladi.

Boshqa maqolalarimiz

Nimaga bizga `Trashiston` muhim?

Earlier this year we made the bold decision to make everyone come back to the office full-time after two years working from a dressing table in the corner of their bedroom.

Ko'proq

Bizga loyihangiz haqida gapirib bering

Bizning ofis

  • Masofaviy
    Hozirgi vaqtda ofis mavjud emas.